
29 Iyul 2026
Jo'natmoq
My Freighter aviakompaniyasi Yevropadagi tarmog‘ini kengaytirayotganini e’lon qiladi va Belgiyaning Lyej shahridan Markaziy Osiyoga yuk qatnovlarini har kunlik formatga o‘tkazmoqda. 2026-yil 15-avgustdan boshlab My Freighter muntazam kunlik reyslarni amalga oshirgan holda Yevropadan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonga yuklarni ishonchli hamda tezkor yetkazib beradi.
My Freighter imkon qadar tez yetkazib berishni talab qiluvchi juda muhim yuklar uchun shoshilinch yetkazib berish, shuningdek, ixtisoslashtirilgan tashish xizmatlarini o‘z ichiga olgan to‘liq yuk xizmatlari spektrini taqdim etadi:
nogabarit va o‘ta yirik o‘lchamli yuklar (ODC — Oversized/Outsized Cargo);
xavfli yuklar (DGR — Dangerous Goods Regulations);
avtomobillar va avtomobil butlovchi qismlari (Vehicles & Automotive);
tez buziladigan yuklar (PER — Perishable Cargo).
Har bir yuk turining xalqaro xavfsizlik standartlari va maxsus talablar asosida tashilishi butun marshrut davomida yukning to‘liq saqlanishi va yaxlitligini ta’minlaydi.
Yangi yo‘nalish ishga tushirilishi munosabati bilan My Freighter 2026-yil 15–29-avgust kunlari ushbu marshrutning dastlabki ikki haftasi uchun maxsus boshlang‘ich tariflarni taklif etadi.
Mazkur taklif barcha turdagi yuklar va xizmatlarga tatbiq etiladi hamda yuk jo‘natuvchilarga kompaniya tarmog‘idan qulay shartlarda foydalanish imkonini beradi.
MY FREIGHTER HAQIDA
Centrum Holding tarkibiga kiruvchi My Freighter xalqaro aviakargo operatori bo‘lib, global bozorlarda ishonchli va samarali yuk tashishga ixtisoslashgan.
Markaziy Osiyoda faoliyat yurituvchi aviakompaniya Osiyo, Yevropa, Afrika va Yaqin Sharqni bog‘lovchi asosiy savdo yo‘nalishlariga xizmat ko‘rsatib, qat’iy muddatlarni talab qiladigan xalqaro ta’minot zanjirlari va logistika jarayonlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
My Freighter zamonaviy 10 ta yuk samolyotidan iborat parkka ega bo‘lib, moslashuvchan marshrut yechimlarini taklif etadi. Aviakompaniya Markaziy Osiyoda aviakargo tashuvlarida muhim o‘rin egallab kelmoqda. 2025-yilda O‘zbekistonda va O‘zbekiston orqali amalga oshirilgan havo yuk tashuvlarining 40 foizdan ortig‘i My Freighter hissasiga to‘g‘ri keldi.