
6 Avgust 2025
Jo'natmoq
2025-yil 4-avgust kuni O‘zbekistonning My Freighter yuk tashuvchi aviakompaniyasi yangi Urumchi (URC, XXR) — Urganch (UGC, O‘zbekiston) yo‘nalishi boʻyicha ilk reysni muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Bu kompaniyaning Sharqiy va G‘arbiy Yevroosiyo o‘rtasida zamonaviy havo logistika tizimini yaratish doirasida yo‘nalishlar tarmog‘ini strategik kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi qadami bo‘ldi.
Reys Boeing 767-300F (ro‘yxat raqami UK67018) samolyotida amalga oshirilib, asosan elektron tijoratga oid 50 tonnadan ortiq yuk tashildi. Haftasiga ikki marta amalga oshiriladigan qatnovlar Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni bilan O‘zbekistonning g‘arbiy hududlari o‘rtasida muntazam va ishonchli aloqani taʼminlaydi.
Bu My Freighter aviakompaniyasining Urumchidan uchinchi yo‘nalishi, biroq Urganch xalqaro aeroporti tarixidagi ilk yuk reysi bo‘lib, mintaqa uchun tashqi iqtisodiy faoliyat, xalqaro savdo va logistika yo‘nalishlarida yangi imkoniyatlarni ochadi.
Xitoylik hamkorlar bilan muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilgan reys My Freighter’ning Xitoy bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida samarali logistika aloqalarini taʼminlovchi yetakchi operator sifatidagi rolini yana bir bor tasdiqlaydi.